Biz haqimizda

FTI

Tashkil topgan sanasi – Institut 1943 yil noyabr  oyida O’zbekiston Ilmiy Qo’mita Kengashining 1552-sonli farmoni asosida tashkil etilgan. O’zR FA Fizika-texnika instituti (FTI) O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilk institutlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Bu yerda fizikaviy elektronika, qattiq jismlar fizikasi, yarimo’tkazgichlar fizikasi, yadro fizikasi, kosmik nurlar fizikasi, geliotexnika, yuqori haroratli materialshunoslik sohalaridagi dastlabki tadqiqotlar o’tkazilgan. FTI ilmiy yo’nalishlari hamda bo’limlari negizida Yadro fizikasi instituti (1956 y.), Elektronika instituti (1967 y.) va 1987 yilda O’zR FA “Fizika-Quyosh” IIChB tashkil etildi. Materialshunoslik instituti 1993 yilda FTI ning bir qator laboratoriyalari hamda uning Katta Quyosh Pechi bilan ishlab chiqarishga tajribalar o’tkazishi negizida tashkil etilgan.

Ilmiy salohiyat. Xodimlar soni – 180 ta, jumladan, ilmiy xodimlar soni – 102 ta (51 ta ilmiy xodim 1dan 22 gacha bo’lgan oraliqdagi qiymatli Xirsh indeksiga ega), akademiklar – 2 ta, fan doktorlari – 22 ta, fan nomzodlari 27 ta.

So’ngi 5 yilda Institutda 9 fan doktori va 10 ta falsafa doktori himoya qilgan, 915 ta ilmiy ishlar nashr etilgan, jumladan, 405 ta maqola (264 ta xorijiy) va 510 ta tezislar. 20 ta patent va dasturiy ta’minotlar uchun 14 ta guvohnoma olingan. 7 ta monografiya chop  tilgan.

Bino va inshootlar. Institut yer maydonining umumiy maydoni – 22597 m2, binolarning foydali maydoni – 10191,97 m2

ASOSIY ILMIY YO’NALISHLAR

Institutda quyidagi besh ustuvor ilmiy-tadqiqot yo’nalishalarida fundamental va amaliy tadqiqotlar bajarilmoqda va ilmiy-texnik ishlanmalar ishlab chiqarilmoqda:

Yuqori energiyalar fizikasi – yuqori va o’ta yuqori energiyalarda zarracha va yadrolarning o’zaro ta’sirini, mikrodunyo va borliqning fundamental qonuniyatlarini o’rganish;

Nazariy fizika – optik aloqa tizimlari rivoji uchun kondensirlangan muhitlarda nochiziqli uyg’onishlar dinamikasini, optik tolali optoelektron qurilmalarni, kvant kompyuter va boshqa tizimlarni tadqiq etish;

Yarimo’tkazgichlar fizikasi – samarali fotoo’zgartgichlar, fotoqabul-qilgichlar va boshqa yuqori darajada sezgir datchiklar texnologiyalarini ishlab chiqish maqsadida yarimo’tkazgichli materiallar va strukturalarda sodir bo’luvchi fizikaviy jaraёnlarni tadqiq etish;

Quyosh energiyasini o’zgartirish – quyosh energiyasini to’g’ridan-to’g’ri, termodinamik hamda issiqlikka aylantirishning fizik asoslarini tadqiq etish hamda yuqori samarali geliotexnik qurilmalar konstruksiyalarini ishlab chiqish;

Elektronika, optoelektronika hamda fotonika sohalaridagi asbobsozlik – yarimo’tkazgichli qurilmalarda ishlatiladigan, funksional imkoniyatlari kengaytirilgan yangi turdagi yarimo’tkazgichli strukturalarni ishlab chiqish.

ILMIY NOYOB OBYEKTLAR, ASBOBLAR VA USKUNALAR

Institutning noyob obyekti «Geliopoligon» O’zbekiston Respublikasida quyosh energiyasini boshqa turdagi energiyaga aylantirish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalanishning samarali texnologiyalari va usullarini sinovdan o’tkazadigan asosiy tajribaviy va namoyish markazi hisoblanadi. «Geliopoligon»ning muvaffaqiyatli ish olib borishi avtonom iste’molchilar  ehtiyojlarini qondirish uchun issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish ishlanmalarini keng joriy etishda muhim qadam hisoblanadi. «Geliopoligon»da mamlakatimiz oliy o’quv yurtlari, shuningdek, maktab o’quvchilari uchun “Maktab va kollej o’quvchilari tomonidan mutaxassislarni tayyorlash” mavzusida quyosh energiyasidan amalda foydalanish bo’yicha o’tkazilgan malakaviy o’qitish kurslari muhim ahamiyatga ega va tajriba almashuvi maqsadiga muvofiqdir va bu tinglovchilar ongida uglevodorodli yoqilg’ilardan kamroq foydalanib, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli uglerod oksidi miqdorini kamaytirish, yangi zamonaviy innovatsion texnologik va texnik qurilmalar va o’lchov asbob-uskunalari haqidagi dastlabki tushunchalarini shaklantirishda muhim omil sifatida namoyon bo’ladi.

«Geliopoligon»da turli xil dizayndagi quyosh suv isitgichlari, suvni isitish uchun quyosh absorberlari, issiqxona sifatida foydalanish imkoniyati bilan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini quritadigan gelioquritgich namunasi, 60 Vt quvvatga ega quyosh fotoelektr tizimlari, Stirling dvigateli quyosh energiyasi stansiyalari, parabolosilindrik konsentratorlar, qishloq xo’jaligi uchun o’g’it ishlab chiqarishga mo’ljallangan biogaz qurilmasi o’rnatilgan. Bundan tashqari, «Geliopoligon» quyosh nurlanishining intensivligini, radiatsiya miqdorini, quyosh panellari ko’rsatkichlarini tanlash uchun mo’ljallangan o’lchash va qayd qilish vositalari (aktinometr, piranometr va b.) bilan jihozlangan.

Institutda 30 dan ortiq yirik ilmiy-tadqiqot va texnologik komplekslar mavjud, jumladan: tigelsiz zonali yoritish usuli bilan yarimo’tkazgich materiallar o’stirish texnologik qurilmasi, yarimo’tkazgich mateirallarda past temperaturali diffuziya hosil qilish qurilmasi, suyuq fazadan epitaksial qatlam o’stirish uchun vertikal va gorizontal reaktorli qurilmalar, vakuumli termik changlatish qurilmalari, magnetronli changlatish qurilmalari, turli diapazonlarga mo’ljallangan spektrofotometrik qurilmalar, yarimo’tkazgichli materiallar va asboblarning xarakteristikalarini o’lchash uchun turli o’lchov stendlari va komplekslari, optik va IQ mikroskoplar, va boshqalar.