“O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va rivojlantirish strategiyasi” mavzusida davra suhbati

2019 yil 17 aprel kuni O'zbekiston Fanlar akademiyasining Fizika-Quyosh ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Fizika-texnika instituti tashabbusi bilan “Quyosh energetikasi xalqaro assotsiatsiyasi” ning “O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va rivojlantirish strategiyasi” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbirda “O'zbekenergo” AJ, “XQEI”, “MIR SOLAR”, “Oftob-Nur” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi vakillari, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti professorlari, O'zbekiston Respublikasi Fizika-texnika instituti “Renewable energy education” nodavlat ta’lim muassasasi kabi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbati doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasiga oid qonunchilik bazasini mustahkamlash, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni rag’batlantirish, mamlakatda bu borada investitsion muhitni yaxshilash, qayta tiklanadigan energetika sohasidagi ilmiy-texnik tadqiqotlar, OTMlarda qayta tiklanadigan energiya manbalari yo’nalishida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, bu boradagi ilmiy texnik loyihalarni qo'llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida qo’shma ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish bo'yicha rejalar hamda takliflar mavzusi ham atroflicha muhokama qilindi. Muhokama chog’ida respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishga qaratilgan konsepsiya loyihasi, shuningdek qayta tiklanadigan energetika to'g'risidagi qonun loyihasi bo'yicha takliflar va tavsiyalar ilgari surildi.

Tadbirda yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng targ’ib qilish, ishlab chiqarishning energiya hajmini kamaytirish, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarini amalga oshirish va eng zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqish, mazkur sohada ustuvor yo’nalishlarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda energiya samaradorligini oshirish borasida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni bajarish yuzasidan takliflar bildirildi.

Bunday tadbirlarning o’tkazilishi qayta tiklanadigan energetika sohasidagi turli ishlab chiqaruvchilar va qo'shma korxonalar vakillari o'rtasida mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qilishda hamkorlik zarurligini ta’kidlaydi va jahon hamjamiyatida Assotsiatsiyaning alohida o’rniga egaligidan dalolat beradi.

 

Quyosh energetikasi xalqaro assotsiatsiyasi davlatimiz rahbari tomonidan o’rnatilgan jamiyat va davlatning barcha sohalarida demokratik o’zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT), shuningdek boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ilmiy xalqaro tadqiqotlar va ta’lim muassasalari, innovatsion markazlar orqali hamkorlik, xorijiy hamkorlar, ilmiy-texnik va innovatsion loyihalar, bilim va mutaxassislar tajriba almashinuvi va qo’shma loyihalarni amalga oshirish, shu bilan “Fan-Ta’lim-Ishlab chiqarish” ning integratsiyasini amalga oshirishda ko’maklashadi.